Eng qimmat osh Toshkentda – Statistika agentligi
Statistika agentligi 2024-yil dekabrdagi tayyor palov narxlarini taqqosladi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, mamlakatning markaziy hududlaridagi umumiy ovqatlanish muassasalarida, ayniqsa, Osh markazlarida palovning o‘rtacha narxlari turli viloyatlarda o‘zgarib turadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha palov narxlari o‘rtacha 25 718 so‘m (1 porsiya) atrofida bo‘lib, har bir porsiya palovning narxi viloyatlar kesimida 22 201 so‘mdan 35 744 so‘mgacha o‘zgaradi. Toshkent shahri esa palov narxi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan – 1 porsiya palovning narxi 35 744 so‘mni tashkil etadi. Eng past narx esa Namangan viloyatida 1 porsiya palov uchun 22 201 so‘mni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan oyga nisbatan palov narxlari ba’zi hududlarda o‘zgargan, masalan, Toshkent shahri va Xorazmda narxlar 3 foizga oshgan. Biroq ko‘pchilik hududlarda narxlar o‘zgarishsiz qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 524 ta umumiy ovqatlanish korxonalarida taomnoma o‘zbek tilida emasligi aniqlangan edi.