Strategik tahlil va tadqiqotlar uchun yangi kengash tashkil etildi
Shavkat Mirziyoyev «Ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalarida strategik tahlil va tadqiqotlarni samarali tashkil etish choralari to‘g‘risida» qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur qaror asosida Tahlil va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini boshqarish uchun Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlar tayyorlash va mamlakatning ichki hamda tashqi siyosatiga oid takliflarni Prezidentga taqdim etib borishdir.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat bo‘yicha strategik tadqiqotlarni o‘tkazish va barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul maslahat organi hisoblanadi. Kengashning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Kengash tarkibida xavfsizlik, ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish, tashqi siyosat va ekologik masalalarga ixtisoslashgan ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-yanvardan qonunchilikda nimalar o‘zgarishi haqida yozgan edik.