O‘zbekiston terma jamoasi va Fransiyaning «Lans» klubi futbolchisi Abduqodir Husanovga Angliyaning «Manchester Siti» jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano oʻzining X tarmogʻida ma’lum qildi.
Fabrisioning soʻzlariga koʻra, «Lans» markaziy himoyachisi «Manchester Siti»ning yanvar oyi uchun tuzgan rejasiga kiritilgan.
«Bir qancha top klublar 20 yoshli futbolchiga qiziqmoqda, sababi u dunyoning eng iste’dodli markaziy himoyachilaridan biri deya baholanyapti», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, 20 yoshli futbolchiga bir necha APL klublari, jumladan, «Lester», «Nyukasl», «Chelsi» klublari qiziqish bildirmoqda. Oʻz navbatida, «Lans» futbolchini 30 million yevrolik taklif tushgan taqdirdagina sotishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Husanov 2023-yilda Belarusning «Energetik-BGU» klubidan 100 ming yevro evaziga «Lans»ga oʻtgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanovning transfer narxi 12 million yevroni tashkil qilishi haqida xabar bergan edi.