2025-yilda O‘zbekiston budjeti mablag‘lari nimaga sarflanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2025-yil uchun davlat moliyasi to‘g‘risida axborot berildi.
Qonun 17 modda va 10 ilovadan iborat bo‘lib, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilaydi.
2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Konsolidatsiyalashgan daromadlar 431 trln so‘m, xarajatlar esa 480,5 trln so‘m miqdorida.
Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida taqchillik kuzatiladi. Moliyaviy balansning 2 foiz taqchillik bilan shakllanishi rejalashtirilgan.
Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlar 344,8 trln so‘m deb belgilangan. 2025-yilda Qoraqalpog‘iston va viloyatlar daromadlari 65,8 trln so‘m bo‘ladi. Mahalliy hududlarga 18,5 trln so‘m miqdorida transfertlar yuborilishi ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy sohalarga 52 foiz ajratish davom ettiriladi. Mahalliy daromadlarni oshirish uchun ba’zi soliq turlari tumanlarga qoldiriladi. Aylanma va yer mol-mulk solig‘i mahalliy hududlarda qoladi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 50 foizi mahalliy hududlar uchun ajratiladi.
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushadigan tushumning 50 foizi mahalliy hududlarga o’tadi. Tuman va shahar kengashlariga soliq koeffitsiyentlarini belgilash vakolati berildi.
«Umuman, davlat budjeti joriy yilda ham iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi», – deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Mahalla loyihasi» dasturiga $1 mlrd yo‘naltirilgani haqida xabar bergan edi.