Elektr tariflari haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqalmoqda – Energetika vazirligi
Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi tariflari haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalmoqda. Xabarlar Vazirlar Mahkamasining 894-son qarorining noto‘g‘ri talqin qilinishi tufayli yuzaga kelgan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, qarorning 85-bandida maishiy iste’molchilar ko‘zda tutilmagan. U faqat yuridik iste’molchilarga taalluqli bo‘lib, belgilangan limitdan 20 foiz ortiq elektr sarflanganda, qo‘shimcha to‘lov joriy etadi.
Qarorga ko‘ra, yuridik iste’molchilar limitdan ortiq har bir kVt⋅soat uchun 1,2 baravar tarif to‘laydi. Misol uchun, agar ishlab chiqarish sexi limitdan 5 ming kVt⋅soat ko‘p energiya iste’mol qilsa, har bir kVt⋅soat uchun 1080 so‘m to‘laydi.
Aholi iste’molchilari esa III tarif guruhiga mansub bo‘lib, bunday qo‘shimcha to‘lov qoidalariga kiritilmagan. Shu sababli 200 kVt dan oshgan energiya uchun 540 so‘mlik to‘lov haqida ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Aholidan mazkur qaror bandlarini to‘g‘ri talqin qilish va rasmiy manbalarga tayanish so‘ralmoqda. Elektr energiyasi tariflari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotni rasmiy saytlar orqali olish tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ipoteka-bank» kassalarida kommunal to‘lovlar qabul qilinishi to‘xtatilishi haqida xabar bergan edi.