«Mahalla loyihasi» dasturiga $1 mlrd yo‘naltirildi
«Mahalla loyihasi» doirasida $1 milliard miqdoridagi kredit resurslari ajratildi. Ushbu mablag‘lar banklar va hududlar o‘rtasida taqsimlanib, samaradorlik nazorat qilinadi. Tuman banklari rahbarlariga oyma-oy samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni mahallalarda bandlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yig‘ilishda banklar ishtirokida aholi bandligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
2025-yilga qadar jami 5,2 million odam bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan. Banklar tomonidan 3 milliondan ortiq aholi bandligi va daromadli qilish belgilangan.
208 tuman va shahar hokimlari hamda banklar rahbarlari hamkorlik shartnomalari imzoladi.
Shartnomalarda tomonlarning aniq huquq va majburiyatlari belgilandi. Har bir mahallaga maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab, dastur ishga tushirilgan.
Markaziy bank raisi va o‘rinbosarlari hududlarda yangicha yondashuvni amalga oshiradi.
2025-yil 1-fevralga qadar mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etiladi. Har bir mahallada «mahalla bankirlari» va «yordamchi-agentlar» tayinlanadi. Hududiy banklar va hokimiyatlar tayyor biznes loyihalarini aholi bilan tanishtiradi. Online tizimlar integratsiya qilinib, mas’ul rahbarlarning vazifalari kunlik tahlil qilinadi. Faoliyat qoniqarsiz bo‘lgan rahbarlarga tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» deb e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.