Oʻzbekistonga $52,6 mlnga teng boʻlgan kartoshka import qilindi
Oʻzbekistonga 2024-yilning yanvar–noyabr oylarida xorijdan qiymati $52,6 mlnga teng boʻlgan 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Qozogʻiston asosiy yetkazib beruvchiga aylandi. Import qilingan kartoshkaning 74 foizdan ortigʻi (465 ming tonna) Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keldi. Ikkinchi oʻrinni 111 ming tonna bilan Pokiston, uchinchi oʻrinni esa 71,3 ming tonna bilan Qirgʻiziston egalladi.
Shuningdek, Afgʻonistondan — 15,9 ming tonna, Erondan 3 — ming tonna va boshqa davlatlardan 1,6 ming tonna kartoshka import qilindi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonga eng koʻp kartoshka eksport qilgan Qozogʻistonda 180-190 ming gektar maydonda kartoshka yetishtirib, gektaridan oʻrtacha hisobda 17-18 tonna hosil olinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirgʻiziston Oʻzbekistonga kartoshka yetkazib berish hajmini oshirgani haqida xabar bergan edi.