Qozogʻistonda giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik kuchaytirildi
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga koʻra, giyohvandlik vositalarini tayyorlash yoki qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi mansabdor shaxslar uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki mol-mulki musodara qilinib, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosigacha oshirildi.
Shu bilan birga, qonunda giyohvand moddalarni yetkazib beruvchilar uchun jazolar biroz yumshatildi. Bunday jinoyatni birinchi marta ogʻirlashtiruvchi holatlarsiz sodir etganlik uchun qonunda mol-mulk musodara qilinib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi (oldin mol-mulk musodara qilinib, 5 yildan 10 yilgacha edi).
Jazoning bunday yengillashtirilishi giyohvand moddalarni yetkazib beruvchilarning aksariyati oʻsmirlar va yoshlar boʻlib, ular bevosita giyohvand moddalarni tayyorlamagan va qayta ishlamagan, koʻpincha giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi tashkilotchilari tomonidan jinoiy maqsadlarda foydalanilganligi bilan izohlanadi.
Lekin jinoyatni takroran sodir etish mol-mulk musodara qilinib, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi qattiq jazoga olib keladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilda Afgʻonistonda giyohvand moddalarni yetishtirish 19 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.