Shubhali ish takliflari: Firibgarlar Temu nomidan daromad va’da qilmoqda
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjerida Temu onlayn do‘koni nomidan ishga qabul qilish haqida shubhali e’lonlar tarqalmoqda. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi.
E’lonlarda bir soatda 300 mingdan 2,2 million so‘mgacha daromad topish va’da qilinmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bunday xabarlar firibgarlar tomonidan tarqatilib, odamlarning moliyaviy mablag‘larini o‘zlashtirishni ko‘zlagan. Bu kabi yolg‘on ma’lumotlarga ishonish nafaqat pul yo‘qotishga, balki shaxsiy ma’lumotlarning oshkor bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Agar shu kabi firibgarlik holatlariga duch kelsangiz, darhol 102 yoki 1102 raqamlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi raqamli xizmat qoidalarini buzgani uchun Temu’ga nisbatan surishtiruv boshlagani haqida xabar bergan edi.