Elektron tijoratda 2025-yilda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda
Vazirlar Mahkamasining 26-dekabrdagi qaroriga muvofiq elektron tijorat sohasini tartibga solish va rivojlantirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirish uchun xabardor qilish tartibi joriy etiladi va elektron tijorat subyektlari reyestri yuritiladi.
Shuningdek, elektron tijoratda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishlari lozim boʻladi.
Buyurtma asosida xizmat ko‘rsatuvchi yoki yo‘lovchilarni yengil transportda tashuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga istisno tariqasida oldindan mablag‘ joylashtirish, naqd pul qabul qilish va mablag‘larni inkassatsiya qilmasdan o‘zida qoldirishga ruxsat etildi.
Shuningdek, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron savdo platformalari orqali tovarlarni xorijiy xaridorlarga, shartnomani tashqi savdo tizimida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, kuryerlik yoki pochta orqali yetkazib berishlari mumkin bo‘ldi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda ijtimoiy kartani qanday rasmiylashtirish mumkinligi haqida xabar bergan edi.