Davlat organlari ochiqligi masofadan monitoring qilinadi
Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash majburiyatlariga rioya qilinishini masofadan monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda 910-sonli qaror bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.
Monitoring masofadan rejali va rejadan tashqari shaklda o‘tkaziladi. Jarayon davomida davlat organlari va tashkilotlari oldindan ogohlantirilmaydi. Monitoring natijalarida qonunchilikka zid holatlar aniqlansa, bu haqda ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qonun buzilishlarini qayd etgan ma’lumotnomani huquqiy ta’sir hujjati shaklida monitoring qilingan tashkilotga yuboradi. Ushbu hujjat tashkilot tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqilishi va natija bo‘yicha yozma axborot taqdim etilishi shart. Monitoring korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayon davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik sohasidagi qonunlarga rioya etishini nazorat qilishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edi.