Dunyoning eng keksa odami Tomiko Itooka vafot etdi
Guinness rekordlar kitobiga dunyoning eng keksa insoni sifatida kirgan yaponiyalik Tomiko Itooka 116 yoshida vafot etdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ayol 1908-yil 23-mayda Osakada tug‘ilgan va uzoq umr davomida sog‘lom va faol hayot kechirgan.
Itooka 29-dekabr kuni Hyogo prefekturasidagi g‘amxo‘rlik uyida hayotdan ko‘z yumdi. U 20 yoshida turmush qurib, ikki qiz va ikki o‘g‘ilni dunyoga keltirgan. Urush davrida esa turmush o‘rtog‘ining to‘qimachilik fabrikasini boshqargan.
Ma’lumot uchun, Tomiko Itooka dunyo superkeksa insonlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turar edi. Endilikda bu maqom braziliyalik 116 yoshli Inah Canabarro Lukasga o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar oyi uchun pensiya to‘lovlari to‘liq moliyalashtirilishi haqida yozgan edik.