Microsoft sun’iy intellektga $80 milliard sarmoya kiritadi

eʼlon qilindi
Sun’iy intellektning hisoblash quvvati talabini qondirish uchun maxsus ma’lumotlar markazlari kengaytiriladi
Foto: Microsoft

Microsoft 2025-moliyaviy yilida sun’iy intellekt (AI) va bulut texnologiyalari uchun yangi ma’lumotlar markazlariga qariyb $80 mlrd sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Reuters agentligi xabar berdi.

Kompaniya blogida aytilishicha, bu sarmoya AI modellarini o‘rgatish va ilovalarni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan. Sun’iy intellektning hisoblash quvvati talabini qondirish uchun maxsus ma’lumotlar markazlari kengaytiriladi.

2022-yilda OpenAI ChatGPT ishga tushirilganidan so‘ng, AI sohasida sarmoyalar sezilarli darajada oshdi. Visible Alpha ma’lumotlariga ko‘ra, Microsoftning 2025-moliyadagi umumiy kapital xarajatlari $84,24 mlrdni tashkil etishi kutilmoqda.

Kompaniyaning kapital xarajatlari 2025-yil birinchi choragida 5,3 foizga oshib, $20 mlrdga yetdi. Microsoft OpenAI bilan eksklyuziv hamkorligi tufayli AI poygasida yetakchi o‘rinni egallamoqda.

$80 mlrdlik sarmoyaning yarmidan ko‘pi AQShga to‘g‘ri kelishi rejalashtirilgan. Rais o‘rinbosari Bred Smitning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar global AI poygasida xususiy sarmoyalar tufayli yetakchilik qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Open AI rahbari kontent mualliflariga sun’iy intellektni o‘rgatish uchun to‘lov qiilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek