Sun’iy intellekt serverlarga boʻlgan talab Foxconn daromadining rekord darajada oʻsishiga olib keldi
Tayvanning Foxconn elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi 2024-yil toʻrtinchi choragida daromadini 15,2 foizga oshirib, $64,7 milliard bilan rekord natijaga erishdi. Bu haqda Reuters nashri kompaniya hisobotiga tayanib, xabar bermoqda.
Foxconn koʻrsatkichlarning oʻsishini sun’iy intellekt tizimlari uchun uskunalarga boʻlgan yuqori talab bilan izohlaydi. Bundan tashqari, kompaniya daromadining katta qismini Apple va boshqa yirik texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik olib keldi.
Foxconn Sony, Canon, Nvidia, Microsoft va boshqa texnologik gigantlar uchun elektronika ishlab chiqaradi. Kompaniya Tayvandagi eng yirik kompaniya hisoblanib, uning boʻlinmalarida bir milliondan ortiq odamlar ishlaydi.
3-yanvar kuni hisobot e’lon qilinishi arafasida Foxconn aksiyalari kunni 0,8 foizga pasayish bilan yakunladi. Oʻtgan yil boshidan beri kompaniyaning qimmatli qogʻozlari 47 foizga qimmatlashgan va hozirgi kunda har bir aksiya uchun 75,7 Tayvan dollaridan sotilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia hammuassisi Jensen Xuan 2024-yilda $78 mlrdga boyigani haqida yozgan edi.