Banklarda dollar kursi ilk marta 13 000 so‘mdan oshdi
O‘zbekiston banklarida 6-yanvar kuni dollar kursi 13 ming so‘mdan oshdi. Ayni paytda «KDB Bank» dollarni 13 005 so‘mdan, «Tenge bank», OFB va «Infinbank» 13 000 so‘mdan sotmoqda.
Ta’kidlash joizki, banklardagi dollar kursining oshishi birjada AQSh valyutasi kursining o‘sishi bilan bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Valyuta birjasida dollar kursi shanba kuni, 4-yanvarda 12 942,01 so‘mga yetdi.
Birjada dollar kursi qanday o‘zgarib bordi
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda dollar kursining prognozini bergan edi. 2025-yil boshida so‘mning dollarga nisbatan 13 000 so‘mli psixologik chegaradan o‘tishi ehtimoli mavjud, degan edi Alif Uzbekistan rahbari Nuriddin Lafizov Kursiv Uzbekistanga bergan intervyusida. Yil oxiriga kelib kurs 13 700 – 13 800 so‘mga yetishi mumkin, deb qo‘shimcha qilgan.
«Bu eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, savdo defitsitini kamaytirish va milliy valyutaning ortiqcha baholangan kursini to‘g‘rilash uchun zarur», – deydi u.
Boshqa mutaxassislarning prognozi esa ancha optimistik bo‘ldi. Bu yerda ushbu mavzu haqida batafsil o‘qishingiz mumkin.