Oʻzbekistonda 1-fevraldan temir yoʻl chiptalari narxi oshiriladi
Oʻzbekistonda 2025-yil 1-fevraldan boshlab temir yoʻl chiptalari narxi oshiriladi. Bu haqda «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, «Afrosiyob» poyezdlarining VIP va biznes chiptalari 25 foiz, ekonom chiptalari 20 foizga hamda «Sharq», «Nasaf» va «Oʻzbekiston» yoʻlovchi poyezdlarining chiptalari esa 30 foizga oshiriladi.
Yangi tariflarga koʻra, «Afrosiyob» chiptalari quyidagicha boʻladi:
- Toshkent – Buxoro: VIP – 994 000 soʻm, Biznes – 751 000 soʻm, Ekonom – 484 000 soʻm;
- Toshkent – Qarshi: VIP – 854 000 soʻm, Biznes – 634 000 soʻm, Ekonom – 406 000 soʻm;
- Toshkent – Samarqand: VIP – 619 000 soʻm, Biznes – 450 000 soʻm, Ekonom – 294 000 soʻm.
Kompaniya ushbu oʻzgarishlar yuqori tezlikdagi poyezdlar xaridi, vagonlar parkini yangilash va xizmat sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur oʻzgarishlar prezidentning 2023-yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq joriy qilinib, temir yoʻl sohasidagi tariflarni davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga oʻtish bosqichida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Jibek Joli» sayyohlik poyezdi Samarqandni yangi yoʻnalish sifatida qoʻshgani haqida xabar bergan edi.