Energetiklar tayyorlashga yo‘naltirilgan yangi yo‘nalish ochildi
«MISIS» universitetining Olmaliq shahridagi filiali yangi yo‘nalishda ta’lim berishni boshlashga ruxsat oldi. Filial «Elektr energetikasi va elektrotexnika» yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim berish uchun rasmiy litsenziya oldi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur yo‘nalishda talabalar qabuli 2025-yildan boshlanadi. Litsenziya olish jarayoni bir yildan ortiq davom etib, kampus sharoitlarini yaratish va professor-o‘qituvchilarni tayyorlashni o‘z ichiga oldi.
Shuningdek, filial negizida magistrlik dasturlarini ham qamrab oluvchi Ilg‘or muhandislik maktabi (IMM) tashkil etiladi. IMM kelgusida yuqori malakali energetik muhandislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Olmaliqdagi «MISIS» universiteti filiali 2018-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Filial shu kungacha konchilik, metallurgiya va avtomatlashtirish sohalari uchun mutaxassislarni tayyorlab kelmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Digital university xususiy ta’lim muassasasining litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar bergan edi.