Bolalarning metapnevmovirus bilan ommaviy kasallangani haqidagi xabarlar rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan toʻlgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Vazirlikning taʼkidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi xabarlar mutlaqo asossiz.
«Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta — Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya boʻlimlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur boʻlimlarning barchasi bugun, 6-yanvar kunidan qayta ochildi va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab boʻldi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, markaz ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qayd etilgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilish va davolashga ixtisoslashtirilmagani aytildi.
Avvalroq SSV Metapnevmovirus yangi kasallik emasligi va ortiqcha xavotirga hojat yoʻqligi haqida ma’lum qilgan edi.