Suriya davlat xizmatchilarining maoshini 400 foizga oshirishni rejalashtirmoqda
Suriya hukumati kelgusi oydan davlat xizmatchilarining maoshini 400 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Arab News nashri xabar berdi.
Moliya vaziri Muhammad Abazidning soʻzlariga koʻra, bu qaror ma’muriy tizimni qayta tashkil etish va samaradorlikni oshirish maqsadida qabul qilingan.
Maoshlarni oshirishga 1,65 trillion Suriya funti ($127 million) ajratiladi. Xarajatlar davlat resurslari, mintaqaviy yordam, yangi investitsiyalar va chet eldagi muzlatilgan aktivlarni qaytarish orqali qoplanadi.
Davlat sektoridagi 1,3 million xodimning faoliyati baholanib, soxta xodimlar roʻyxatdan chiqariladi. Maoshlar faqat malakali xodimlarga oshiriladi. Bu qaror 13 yillik urush va sanksiyalar tufayli iqtisodiy qiyinchilikka uchragan mamlakatda tiklanish jarayonining bir qismi hisoblanadi.
Hukumat yaqin oylarda soliqlarni adolatli taqsimlashga qaratilgan yangi tizimni joriy etishni ham rejalashtirgan. Yangi tizim yil oxirigacha kuchga kirishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyo davlatlari Suriyadan fuqarolarini repatriatsiya qilish boʻyicha yetakchi ekani haqida xabar bergan edi.