Yangiliklar

Yandex Uzbekistan kuryerlar uchun sugʻurta dasturini ishga tushirdi

Sugʻurta holat va shartlarga qarab 100 million soʻmgacha boʻlishi mumkin
Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan oʻz xizmatlarining hamkor kuryerlari uchun sugʻurta dasturini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, sugʻurta dasturi Eats, Lavka va Delivery xizmatlari bilan hamkorlik qiluvchi kuryerlarga qoʻllanadi hamda buyurtmalarni bajarish davomida yuzaga kelgan mehnatga qobiliyatsizlikning ayrim holatlarini qoplab beradi.

«Hozirgi paytda Yandex Go ilovasidagi Eats va Lavka xizmatlarida ushbu sugʻurta dasturi ishlamoqda. Yaqin kunlarda unga Delivery xizmati ham qoʻshiladi. Sugʻurta piyoda harakatlanuvchi, avtomobillardan, velosipedlardan, samokatlardan, mopedlardan yoki boshqa shaxsiy harakatlanish vositalaridan foydalanuvchi kuryerlarga tatbiq etiladi», — deyiladi xabarda.

Sugʻurta buyurtmani bajarish jarayonida sogʻliq bilan bogʻliq muammolar sabab mehnat qobiliyatini yoʻqotish holatlarini qoplaydi. Kompensatsiya olish uchun sugʻurta kompaniyasiga maʼlumotlarni taqdim etish talab etiladi. Sugʻurta holat va shartlarga qarab 100 million soʻmgacha boʻlishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Oʻzbekistonda marketpleysni roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza topshirgani haqida xabar bergan edi.