Yangi virus haqida xavotirga o‘rin yo‘q – SSV
So‘nggi kunlarda metapnevmovirus infeksiyasi dunyo bo‘ylab avj olayotgani va uning «COVID-19″dan xavfliroq ekani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Ammo SSV bu ma’lumotlarni inkor qildi.
Unga ko‘ra, Metapneumovirus – 2001-yilda aniqlangan va har yili uchraydigan mavsumiy infeksiya. Kasallik, asosan, havo-tomchi yo‘li yoki ifloslangan yuzalar orqali yuqadi. Virus odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma kabi o‘tkir respirator infeksiyalar shaklida namoyon bo‘ladi. Ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyaga olib kelishi mumkin, ammo ko‘pchilik bemorlar asoratlarsiz tuzalib ketadi.
Davolash odatda uy sharoitida amalga oshiriladi, og‘ir holatlarda esa kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin. O‘zbekiston SSV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda metapnevmovirus infeksiyasi barcha o‘tkir respirator infeksiyalarning atigi 1,2 foizini tashkil qiladi.
Mutaxassislar aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda muloqotni cheklashga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ushbu virus tarqalgani, holat Qozog‘istonda ham aniqlangani haqida yozgan edik.