Kreditdan oqilona foydalanishning oddiy yo‘llari: mutaxassislar tavsiyalari

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Foto: cunaplus / www.depositphotos.com

Kredit — bu nafaqat qulay moliyaviy vosita, balki moliyaviy barqarorligingiz uchun mas’uliyat. Ushbu maqolada AVO bankning kredit xavflari departamenti direktori Rashid Laxlu va CRIF Kredit rahbari Mirsardor Usmonov kredit olishda xatolardan qochish, ijobiy kredit tarixini saqlab qolish va qarzlardan maksimal foyda olish bo‘yicha amaliy maslahatlar bilan bo‘lishadi.

2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston banklarining kredit portfeli 525,9 trillion so‘mni tashkil etdi va yil davomida 13 foizga o‘sdi. Biroq ushbu miqdorning 4,3 foizi muammoli kreditlarga to‘g‘ri keladi. Demak, ba’zi qarz oluvchilar bankdan olingan mablag‘ni vaqtida qaytara olmayapti. Kreditlarga bunday munosabat kelajakda yangi kreditlar berilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bankning «qora ro‘yxati» nima va unga kimlar tushadi?

«Qora ro‘yxat» atamasi odatda yomon kredit tarixiga ega bo‘lgan shaxslarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yo‘qolishini anglatadi. Biroq CRIF Kredit’ning kredit byurosi bosh direktori Mirsardor Usmonovning ta’kidlashicha, rasmiy «qora ro‘yxat» mavjud emas. Buning o‘rniga qarz oluvchilarning moliyaviy xatti-harakatlari haqidagi ma’lumotlarga asoslangan hisobotlar shakllantiriladi.

«Bu ma’lumotlar qarz oluvchining kreditga layoqatini baholash uchun ishlatiladi. Kredit byurolarining maqsadi — kredit xavflari haqida obyektiv ma’lumot taqdim etishdir. Masalan, bizning kompaniyamiz O‘zbekistondagi banklar va yirik kompaniyalarni kredit ma’lumotlari bilan ta’minlaydi», — deb izoh berdi Usmonov.

Yomon kredit tarixi ipoteka kabi yangi kreditlarni olishda muammolar tug‘dirishi mumkin. Bu asosan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki qarzdorlik majburiyatlarini bajarmaslik bilan bog‘liq. Bunday holatlar qarz oluvchining obro‘siga zarar yetkazib, yangi kredit olishni qiyinlashtiradi.

AVO bank eksperti kredit xavfini baholashda va oqilona qarorlar qabul qilishda skoring modellari muhimligini ta’kidlaydi. Ushbu texnologiyalar banklarga qarz oluvchilarning to‘lov tarixi, daromad darajasi, moliyaviy majburiyatlari kabi ma’lumotlarni tahlil qilib, kreditga layoqatini obyektiv baholash imkonini beradi.

Kredit qarorlarining shaffofligi va ishonchliligini oshirish uchun ushbu modellar muhim. Agar siz qarzni to‘lashda biroz kechiksangiz ham, bu kredit tarixiga ta’sir qilishi mumkin. Biroq moliyaviy intizom va mas’uliyat orqali bu xavflardan qochish va skoring baholarini yaxshilash mumkin. Bu esa bank bilan yanada foydali hamkorlikka yo‘l ochadi.

Qanday qilib bank bilan samarali hamkorlik qilish mumkin?

AVO bank kredit xavflari bo‘limi direktori Rashid Laxlu to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelgan mijozlar bilan bankning faol muloqot qilishi haqida so‘zlab berdi.

Birinchidan, mijozlarga to‘lov muddati yaqinlashganligi va kechikishlar mavjudligi haqida push-xabarnomalar yuboriladi. Ikkinchidan, AVO ilovasida qarz miqdori va minimal to‘lovning aniq summasini ko‘rish imkoniyati mavjud. Bu mijozlarga kredit bo’yicha ma’lumotlarni tezkorlik bilan olishga yordam beradi.

Agar moliyaviy muammolar yuzaga kelgan bo‘lsa, bank qarz oluvchilarni ochiq muloqot o‘rnatishga chaqiradi.

«Bu muammolarning sababini tushunish, kredit shartlarini yaxshiroq tushuntirish va qarzni boshqarish rejasini ishlab chiqish imkonini beradi. Bu uzoq muddatli hamkorlikni saqlash uchun foydalidir», — deydi ekspert.

Kredit tarixini yaxshi saqlash uchun Rashid Laxlu to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni tavsiya qildi. Aynan to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish ijobiy kredit tarixining asosiy omilidir. Shuningdek, kredit kartalarini faol ishlatib, sarflangan mablag‘ni foizsiz davrda qaytarish ham foydali. Kreditga tez-tez murojaat qilish sizning kredit tarixingizga salbiy ta’sir etishi mumkin, shuning uchun bundan qochishga harakat qilish kerak, deb maslahat beradi AVO bank vakili.

Qarzdorlikni vaqtida to‘lash usullari

Rashid Laxlu qarz oluvchilarga o‘z moliyaviy imkoniyatlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qiladi: daromad va xarajatlarni tahlil qilib, qarzni to‘lash uchun qancha mablag‘ ajratish mumkinligini aniqlash lozim.

Bank ilovasiga maosh kartasini qo’shib, avtomatik toʻlovlarni yoʻlga qoʻyish orqali toʻlov muddatlarini oʻtkazib yubormaslik mumkin.

«Imkon qadar telefoningizda yoki kalendaringizda eslatmalar o‘rnatib, to‘lov muddati yaqinlashayotganini esdan chiqarmang. Katta qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun kredit kartasidan faqat haqiqiy ehtiyoj tug‘ilganda foydalanishga harakat qiling. Eng muhimi, to‘lov muddatini aniq bilish va budjetni oldindan rejalashtirish zarur», — deydi Laxlu.

Qarz to‘lovlarini kechiktirishni bartaraf etish yo‘llari

Mijoz va bank o‘rtasida ochiq muloqot muhim. Moliyaviy muammolar haqida bankni imkon qadar tezroq xabardor qilish lozim, shunda birgalikda yechim topish osonlashadi. Masalan, AVO bank yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun minimal to‘lov kiritishni taklif qiladi. Bu orqali qarz muammoli deb hisoblanmaydi va kredit reytingi saqlanib qoladi.

Bundan tashqari, call-markazi orqali maslahat olish mumkin: mutaxassislar qarzni qanday uzish mumkinligini tushuntirib berishadi. Shuningdek, to‘lovlar haqida o‘z vaqtida eslatmalar olish uchun ilovada telefon ma’lumotlarini yangilash ham tavsiya etiladi.

«Ushbu tavsiyalar mijozlarga moliyalarini to‘g‘ri boshqarishda yordam beradi. Bu maslahatlarga amal qilish orqali siz moliyaviy ahvolingizni mustahkamlab, uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun ishonchli poydevor yaratasiz. Mijoz bilan ochiq muloqot esa murosaga kelish va uzoq muddatli hamkorlikni saqlab qolishga imkon beradi», — deya ta’kidladi Rashid Laxlu.

Kredit tarixini tiklash mumkinmi?

CRIF Kredit vakili Mirsardor Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, kredit tarixini talablarni qat’iy bajarish orqali tiklash mumkin.

«Buning uchun mavjud qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha barcha shartlarga rioya qilish talab etiladi. Shundan so‘ng, kredit tarixi asta-sekin yaxshilanib boradi. Biroq bu qoidabuzarliklarning og‘irligiga qarab bir necha oydan bir necha yilgacha vaqt olishi mumkin», — deya yakunladi mutaxassis.

Shuningdek