Meta fakt tekshiruvchilarni olib tashlamoqda
Meta Facebook va Instagram platformalaridagi kontentni boshqarish siyosatini o‘zgartirib, fakt tekshiruvchilarni «Community Notes» bilan almashtirishini e’lon qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Kompaniya bosh direktori Mark Sukerbergning aytishicha, fakt tekshiruvchilar siyosiy tarafkashlik sabab ishonchni susaytirgan va bu o‘zgarish erkin fikr bildirishga ko‘maklashadi.
Biroq Sukerberg platformada zararli kontentning ko‘payishini ham tan oldi. Endilikda avtomatlashtirilgan tizimlar faqat yirik qonunbuzarliklar, jumladan, terrorizm va bolalar ekspluatatsiyasi kabi holatlarni nazorat qiladi, boshqa masalalarni esa foydalanuvchilar xabar berishi kerak bo‘ladi.
Bu qaror Meta rahbariyatida o‘ng qanotga tomon ideologik siljish sifatida talqin qilinmoqda. Shu bilan birga, Meta fakt tekshiruvchilar bilan uzoq muddatli hamkorlikni tugatmoqda va kontentga oid ayrim cheklovlarni, jumladan, gender va immigratsiya mavzularidagi senzuralarni bekor qilmoqda.
Sukerbergning fikricha, bu qadam senzuraning kamayishiga olib keladi, lekin ba’zi zararli kontent platformada qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya Meta’ga salkam 800 mln yevro jarima solgan edi.