Oʻzbekiston jahon pasportlari reytingida 68-oʻringa koʻtarildi
Oʻzbekiston global kuchli pasportlar reytingida 95 mamlakat orasida 68-oʻrinni egalladi. Reyting Arton Capital tomonidan eʼlon qilindi.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi 70-oʻrindan ikki pogʻona yuqorilab, 68-oʻringa koʻtarilgan. Reyting mamlakat fuqarolarining qanchalik erkin sayohat qilish imkoniyatiga ega ekanini baholaydi. Bunda vizasiz yoki kelganda rasmiylashtiriladigan viza bilan tashrif buyurish mumkin boʻlgan davlatlar soni hisobga olinadi.
Oʻzbekiston pasporti egalari 32 ta davlatga vizasiz kirish huquqiga ega, 46 ta davlatda vizani borilgach olish mumkin. 120 ta mamlakatga sayohat qilish uchun esa oldindan hujjatlarini rasmiylashtirish talab etiladi.
Dunyoning eng kuchli pasporti sifatida Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. Ushbu pasport egalari 180 mamlakatga kirishi mumkin: 133 ta mamlakatga vizasiz, 47 tasida kelganda viza bilan. Ikkinchi oʻrinda Ispaniya pasporti joy olib, pasport 179 mamlakatga kirish imkonini beradi. Shundan 134 tasiga vizasiz, 45 tasiga esa kelganda viza bilan kirish mumkin.
Uchinchi oʻrindan Finlyandiya va Fransiya pasportlari joy oldi. Ushbu davlatlar pasportlari 178 mamlakatga kirish imkonini beradi: 134 ta mamlakatga vizasiz, 44 ta mamlakatda esa vizani joyida rasmiylashtirish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston oʻzbekistonliklar uchun viza rejimini soddalashtirgani haqida xabar bergan edi.