Oʻzbekiston Markaziy banki noyabr oyida 9 tonna oltin sotib oldi
Oʻzbekiston Markaziy banki iyul oyidan buyon ilk bor oltin zaxiralarini oshirdi. Bu haqda Butunjahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida maʼlum qilindi.
Maʼlum qilinishicha, noyabr oyida jahon Markaziy banklari jami 53 tonna oltin sotib olgan. Polsha Milliy banki mazkur oyda zaxiralarni 21 tonnaga toʻldirib, eng yirik xaridorga aylandi. Mamlakatning umumiy oltin zaxirasi 448 tonnani tashkil etadi. Bir yil ichida Polsha 90 tonna oltin sotib oldi va jahonda yetakchi boʻlib qoldi.
Oʻzbekiston Markaziy banki noyabr oyida 9 tonna oltin sotib oldi va yoz oyidan beri birinchi marta zaxiralarni oshirdi. Yil davomida sof xaridlar 11 tonnani tashkil etib, umumiy zaxirani 382 tonnaga yetkazdi.
Shuningdek, Hindiston zaxira banki noyabr oyida 8 tonna oltin sotib olib, uchinchi oʻrindan joy oldi. Qozogʻiston va Xitoy 5 tonnadan, Iordaniya 4 tonna, Turkiya 3 tonna, Chexiya 2 tonnadan, Gana esa 1 tonnadan xarid qildi.
Singapur esa aksincha 5 tonna oltin sotgan holda eng yirik qimmatbaho metall sotuvchisiga aylandi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston oltin eksportini 3,5 foizga qisqartirgani haqida xabar bergan edi.