O‘zbekistonda nikoh yoshi: erkaklar va ayollar orasidagi sezilarli tafovutlar

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Nikohlanuvchi erkaklarning asosiy qismi 20 – 30 yosh oralig‘ida bo‘lib, ulushi 84,3% ni tashkil etdi
Foto:Pexels.com

2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekiston bo‘ylab 246 979 ta nikoh holati FHDYO organlarida qayd etildi. Ushbu statistik ma’lumotlar erkaklar va ayollar orasida nikoh yoshi bo‘yicha sezilarli farqlarni ochib berdi.

Nikohlanuvchi erkaklarning asosiy qismi 20 – 30 yosh oralig‘ida bo‘lib, ulushi 84,3% ni tashkil etdi. Bu yosh toifasi erkaklar orasida nikoh uchun eng faolligi bilan ajralib turadi. 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ulushi esa bor-yo‘g‘i 1,4% ni tashkil qilgan. 31 – 40 yoshdagi erkaklar nikohga kirishda 10,1% ulushga ega bo‘lsa, 41 yosh va undan kattalarda bu ko‘rsatkich 4,2% ga teng.

Ayollar orasida esa 20 yoshgacha nikohlanish darajasi yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich 37,5% ni tashkil etdi. 20 – 30 yosh oralig‘idagi ayollar nikohlanishda asosiy guruh bo‘lib, ulushi 54,0% ga teng. 31 – 40 yoshdagi ayollar ulushi 6,6% bo‘lsa, 41 yoshdan katta ayollarning nikohlanishi atigi 1,9% ni tashkil etdi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida nikoh yoshi bo‘yicha sezilarli farqlar mavjud. Erkaklar orasida nikohga kirish yoshi asosan 20 – 30 oralig‘ida to‘plangan bo‘lsa, ayollar orasida 20 yoshgacha nikohlanish yuqori ulushni tashkil qiladi. Shu bilan birga, erkaklar orasida 41 yoshdan katta nikohlanuvchilar ulushi ayollarnikiga nisbatan ikki barobar ko‘p.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya musulmonlar idorasi ko‘p xotinlikka ruxsat beruvchi fatvoni bekor qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek