Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida aholining madaniy-maishiy ehtiyojlari va dam olishi uchun mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi davlat mulki hisoblangan yerlarni xususiylashtirish, begonalashtirish yoki ularning hududini qisqartirishni taqiqlashni nazarda tutadi. Bundan yengil turdagi obyektlar qurilishi mustasno. Ushbu tartib aholi uchun madaniy-maishiy maskanlarni saqlab qolishga xizmat qiladi.
Loyiha matnini tayyorlashda deputatlar tomonidan berilgan takliflar atroflicha o‘rganilib, asosli bo‘lganlari qonun matniga kiritildi. Mas’ul qo‘mita yig‘ilish va seminarlar o‘tkazib, hujjatni har tomonlama puxta holatga yetkazdi.
Deputatlar ta’kidlashicha, qonun «yashil» zonalarni muhofaza qilish, madaniy hordiq maskanlarini saqlash va atrof-muhitni yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu orqali ekologiyani asrash bo‘yicha muhim qadam qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qonunchilik palatasi tomonidan elektron sigaretalarini taqiqlash birinchi oʻqilishda qabul qilingani haqida xabar bergan edi.