Banklar va moliya

Bir yil ichida O‘zbekiston xalqaro zaxiralari $6,6 milliardga oshdi

Oltin narxining o‘zgarishi zaxiralarga asosiy ta’sir ko‘rsatdi
Rasm: photooasis / www.depositphotos.com

2024-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari $41,1 mlnga yetdi. Bu koʻrsatkich o‘tgan oyga nisbatan $290 mlnga qisqargan. Pasayishning asosiy sababi oltin narxining xalqaro bozordagi pasayishidir. Shunga qaramay bir yil ichida O‘zbekiston xalqaro zaxiralari $6,6 milliardga oshganini Markaziy bank ma’lum qildi.

2024-yil davomida oltin narxi oʻzgaruvchan boʻlib, dekabr oyida bir unsiya narxi $2610.85ga tushdi. Bu pasayish natijasida mamlakatning oltin zaxiralari bir oyda $656 mlnga kamayib, $32 mlnni tashkil etdi.

Xorijiy valyutadagi zaxiralar esa o‘sish ko‘rsatib, $8,5 mlnga yetgan. Boshqa aktivlar esa $78.6 mlnni tashkil etdi. Zaxiralarning umumiy miqdori 2023-yilga nisbatan sezilarli oʻzgarishga uchragan.

2023-yil oxirida Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari $34,6 mlnni tashkil etgan edi. Shunday qilib, bir yil ichida zaxiralar hajmi $6,6 milliardga ko‘paygan.

2025-yil boshida rasmiy zaxiralar tarkibida oltin hajmi 12,3 million troy unsiyaga teng boʻldi. Oʻtgan yillarda bu koʻrsatkich oʻzgargan boʻlib, 2023-yil oxirida oltin hajmi 11,9 million unsiyani tashkil qilgan edi. Ammo oltin narxining o‘zgarishi zaxiralarga asosiy ta’sir ko‘rsatdi: bir yil davomida uning qiymati $2062,4 dan $2610,85 gacha oshdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank noyabr oyida 9 tonna oltin sotib olgani haqida xabar bergan edi.