Yangiliklar

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat rahbarlari chegara masalasida uchrashuv o‘tkazdi

Uchrashuv davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida tashkil etildi
Foto:Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida tashkil etildi.

Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va mintaqaviy birlikni rivojlantirishda erishilgan kelishuvlar muhimligini ta’kidladi. Hukumat rahbarlari savdo, logistika, suv-energetika va madaniy-gumanitar aloqalarda hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u berdi. Transchegaraviy va mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun muhim omil ekani aytildi.

Shuningdek, tomonlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etdi. 2023-yil 27-yanvarda davlatlar o‘rtasida chegara bo‘yicha bitim ratifikatsiya yorliqlari almashildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha 2024-yil 4-dekabrda imzolangan kelishuvni yakunlash zarurati ta’kidlandi. Ishchi guruhlar shartnoma asosida yakuniy hujjatlarni tezda ishlab chiqishlari lozimligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida hukumat rahbarlari uch davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari yanada rivojlanishiga umid bildirdi. Uchrashuv mintaqaning kelgusi taraqqiyoti va xalqlar farovonligi yo‘lida muhim qadam bo‘lishi aytildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etgani haqida xabar bergan edi.