Toshkent avtobuslarida naqd pul bergan yo‘lovchilar jarimaga tortiladimi
2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent avtobuslarida naqd pulda to‘lov qilish amaliyoti to‘xtatilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida tarqalgan xabarlarga Transport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 144-moddasiga ko‘ra, naqd pul bergan yo‘lovchilar emas, balki chiptasiz yurganlarga BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida (hozirda 37,5 ming so‘m) jarima solinadi.
Yo‘l haqini 1700 so‘m evaziga bank kartalari, mobil ilovalar yoki ATTO transport va virtual kartalari orqali amalga oshirishingiz tavsiya etiladi. Elektron to‘lov tizimi vaqtingiz va mablag‘ingizni tejashga yordam beradi. Qolaversa, naqd pul evaziga maxsus «Paynet», «Oson» va «MultiPay» infokiosklari orqali QR-kodli bir martalik chiptalarni xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt avtobuslari uchun naqd pulga chiptani qanday olish mumkinligi haqida fotoqo‘llanma tayyorlagan edik.