Londonning Cross Works kompaniyasi «Yangi Toshkent» loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Arch Daily nashri ma’lum qildi.
Ushbu loyiha Toshkentning sharqida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘idagi 25 ming gektar hududni qamrab oladi va kelgusida 2,5 mln aholini qabul qilishga mo‘ljallangan.
Loyihaning birinchi bosqichida 6 ming gektar maydonni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Loyihada yashil hududlar va kanallar tarmog‘i bilan barqaror infratuzilma yaratilishi, mahallalarda esa jamoat xizmatlari va piyodalar uchun qulayliklar nazarda tutilgan.
Shuningdek, Cross Works raqamli egizak texnologiyasini joriy qilib, loyiha boshqaruvi va hamkorlikni yengillashtirmoqda.
«Yangi Toshkent» aholining o‘sishi va ekologik barqarorlikni muvozanatlashtirishga qaratilgan yirik tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, shahar hududining 20 foizi yashil zonalarga ajratilgan bo‘lib, yaqin atrofdagi tog‘ tizmasidan suv oladigan kanallar tarmog‘i shaharning suv tizimi va jamoat maydonlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentni kamida 7,5 mln aholi yashaydigan shaharga aylantirish lozimligi haqida so‘zlagan edi.