Ekofaol oilalar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi

eʼlon qilindi
Mazkur harakat doirasida maxsus raqamli platforma ishga tushiriladi
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda ekologiyani muhofaza qilish va aholining yashash sifatini yaxshilash maqsadida ekofaol oilalar uchun yangi dastur taklif etildi. 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida «Bir million yashil oila» umummilliy harakatini tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu harakat ekofaol turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan.

Dasturga ko‘ra, kunlik 10 ming qadam yurishni targ‘ib qilish, velosiped kabi yashil transportni qo‘llab-quvvatlash, plastik mahsulotlardan foydalanishni qisqartirish, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish asosiy tamoyillar sifatida belgilangan.

Mazkur harakat doirasida maxsus raqamli platforma ishga tushiriladi. Bu platforma fuqarolarni ekofaol bo‘lishga rag‘batlantirib, yuqori natijalarga erishganlarga «Ekofaol fuqaro» maqomi berilishini ta’minlaydi. Ushbu maqom egalariga davlat xizmatlari uchun 10% chegirma va davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan banklar orqali iste’mol kreditlarida qulayliklar taqdim etiladi.

«Ekofaol fuqaro» maqomini olgan har bir a’zo orqali oilalar «Yashil oila» maqomiga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu maqomni olgan oilalar o‘rtasida har yili lotereya tashkil etilib, 14 ta elektromobil sovrin sifatida taqdim etiladi.

Bundan tashqari, aholining kamida yarmi «Yashil oila» maqomini olgan mahallalarda «Eng toza mahalla» va «Eng yashil mahalla» tanlovlari o‘tkaziladi. G‘oliblar jamg‘armasiga $41 ming miqdorida mablag‘ ajratiladi. Ushbu mablag‘ bolalar maydonchalarini qurish, yashil bog‘lar yaratish va chiqindi yig‘ish infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Qonun loyihasi 22-yanvarga qadar muhokama qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qo‘riqxonada o‘rnatilgan foto-qopqonga Buxoro bug‘usi, to‘ng‘iz va chiyabo‘ri muhrlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek