O‘zbekistonga 2024-yilda $11 mlnlik gilam import qilindi
O‘zbekistonga 2024-yilning yanvar – noyabr oylarida umumiy qiymati $11 millionga teng bo‘lgan 2,3 million kvadrat metr gilam import qilindi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Bu davrda mamlakatga gilam asosan Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Eron kabi davlatlardan olib kirilgan. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonga import qilinadigan gilamlar bozorida yetakchilik qilmoqda, bu davlatdan 1 million kvadrat metrdan ortiq mahsulot keltirilgan.
Shuningdek, Turkiyadan 471 ming kvadrat metr, Qirg‘izistondan 362 ming kvadrat metr, Qozog‘istondan 151 ming kvadrat metr va Erondan 92 ming kvadrat metr gilam import qilingan. Boshqa davlatlardan esa 163 ming kvadrat metr hajmdagi mahsulot yetkazib berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatga $1,18 mlrd qiymatidagi avtomobillar import qilingani haqida xabar bergan edi.