Qozogʻistonlik yuk tashuvchilar uchun Oʻzbekistonga kirish bepul – Qozogʻiston Transport vazirligi
Qozogʻistonlik yuk tashuvchilar Oʻzbekistonga kirishda to‘lanadigan yigʻimlarni toʻlashdan ozod etilgan. Bu haqda Qozogʻiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, ikki davlat oʻrtasida 2007-yildan buyon avtomobil qatnovi toʻgʻrisidagi bitim amal qilib kelmoqda. Unga koʻra, oʻzbekistonlik va qozogʻistonlik yuk tashuvchilar yigʻim va toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilingan.
Bunga qadar ijtimoiy tarmoqlarda qozogʻistonlik tashuvchilar Oʻzbekistonga kirishda yigʻimlarni toʻlashi kerakligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 11 oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yillik 5 foizga pasaygan boʻlsa-da, $3,8 milliarddan oshgan. Qozogʻiston Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlari uchligiga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» «Oʻzbekiston temir yoʻllari» yuk tashish tariflarini 30 foizga oshirishi haqida xabar bergan edi.