Yangiliklar

2025-yilda Farg‘ona viloyatida 44 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi

49 ta yirik loyiha hayotga tatbiq etiladi
Foto: Yandex

Farg‘ona viloyatida investitsiyalar, eksport va savdo yo‘nalishida erishilgan natijalar hamda 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar haqida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov joriy yilda amalga oshiriladigan vazifalar va istiqbolli loyihalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

2024-yilda viloyatda umumiy qiymati $1,8 mlrd.lik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 1,1 mingta loyiha amalga oshirildi va 36 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Janubiy Koreyada Farg‘ona viloyatining investitsiya va savdo vakolatxonasi ochilib, xorijiy hamkorlar soni 29 taga yetdi.

2025-yil uchun $6 mlrd.lik yangi investitsiya loyihalarini boshlash, 44 ming nafar aholi bandligini ta’minlash va $1,5 mlrdlik eksportni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 49 ta yirik loyiha hayotga tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatiga 3,7 milliard investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.