Yangiliklar

Los-Anjelesdagi yong‘inlar 10 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Avvalroq 5 nafar halok bo‘lganlar haqida xabar berilgan edi
Foto: Apu Gomes/Getty Images

The Los Angeles Times ma’lumotiga ko‘ra, Los-Anjelesda davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari natijasida kamida 10 kishi halok bo‘lgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar – Pasifik-Paliseyds va Altadina tumanlarida komendantlik soati joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom tartibni saqlash uchun Milliy gvardiya bo‘linmalarini jalb qilish qarorini tasdiqladi.

Yong‘inlar natijasida aktyorlar va mashhurlar, jumladan, Jeymi Li Kertis, Peris Xilton, Dayana Uorren va boshqalar boshpanasiz qolgan. Shuningdek, AQSh prezidenti o‘g‘li Hunter Bayden ijaraga olgan uy ham yonib ketgan.

Jo Baydenning aytishicha, yong‘inlar 11 ming gektarga yaqin hududni qamrab olgan, 360 ming kishi evakuatsiya qilingan. Vashington jabrlangan hududga qo‘shimcha yong‘in bo‘linmalari va maxsus texnika yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jo Bayden yong‘inlarga qarshi kurash tufayli Italiyaga rejalashtirilgan safarini bekor qilgani va federal yordam to‘liq ta’minlanishini bildirgani haqida yozgan edi. Yong‘inlarga qarshi kurash davom etayotgan bir paytda mahalliy rahbarlar tiklanish uchun hamkorlikka chaqirmoqda.