Yangiliklar

Yaponiya uchta tibbiyot markazi uchun $215 minglik grant ajratdi

Bu mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘ini Buxoro shahridan tibbiyot muassasasi oladi
Foto:O’zbekiston Respubliksidagi Yaponiya elchixonasi

Yaponiya uchta tibbiyot markaziga $200 mingdan ortiq mablag‘ ajratadi. Bu mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘ini Buxoro shahridan tibbiyot muassasasi oladi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Yaponiya elchixonasi ma’lum qildi.

2025-yil 9-yanvar kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshiriladigan «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» dasturi doirasida grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yaponiya elchisi Hatori Takashi, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamda Toshkent shahar va Buxoro viloyatining tibbiyot tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Marosimda uchta tibbiyot markazini jihozlash bo‘yicha grant shartnomalari imzolandi. Ushbu loyihalar uchun umumiy 215 ming AQSh dollari ajratiladi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali – $111,7 ming, Respublika perinatal markazi – $75,8 ming, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy markazi – $27,8 ming.

Grant mablag‘lari tibbiyot markazlarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan ta’minlash uchun yo‘naltiriladi.

Yaponiya elchisi Hatori Takashi mamlakatining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolalarning metapnevmovirus bilan ommaviy kasallangani haqidagi xabarlar rad etilgani haqida xabar bergan edi.