Biz amerikalik bo‘lishni xohlamaymiz – Grenlandiya bosh vaziri
Grenlandiya bosh vaziri Múte B. Egede AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani qo‘lga kiritish haqidagi takliflariga qarshi chiqdi. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
«Biz daniyalik bo‘lishni xohlamaymiz. Biz amerikalik bo‘lishni xohlamaymiz. Biz grenlandiyalik bo‘lishni xohlaymiz», dedi u juma kuni Kopengagen shahrida Daniya hukumatining rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya Daniya qirolligiga tegishli bo‘lib, uning avtonom hududi hisoblanadi. Trampning Grenlandiyani harbiy kuch bilan qo‘shib olishga harakat qilishga tayyorligi butun Yevropada shov-shuvga aylandi. Grenlandiya esa Daniyadan mustaqil bo‘lib chiqmoqchi va siyosiy mavqeyini tiklamoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Grenlandiya mustaqil bo‘lishi mumkinligi, ammo AQShga qo‘shilishi dargumonligi haqida yozgan edik.