Markaziy bank bitta bank, bitta lombard va bitta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bankning bank nazorati qoʻmitasi bitta bank, bitta lombard va bitta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.
Qoʻmita 2024-yil dekabr oyidagi yigʻilishlarda jami 37 ta masalani koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi. Shulardan 27 tasi roʻyxatga olish va ruxsat berish bilan bogʻliq boʻlib, ularga kredit tashkilotlari ustaviga oʻzgartirish kiritish, yangi mikromoliya tashkilotlarini roʻyxatga olish hamda ustav fondi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish kabi masalalar kirdi. Shuningdek, «Nur Lombard» MCHJ taʼsischisining qaroriga muvofiq, mazkur tashkilot lombardlar reyestridan chiqarildi.
Bundan tashqari, tijorat banklari, mikromoliya va toʻlov tashkilotlarida oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida Markaziy bank koʻrsatmalari, prudensial meʼyorlar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi. Shu sababli, toʻqqizta bank, ikki lombard va bitta mikromoliya tashkilotiga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanilishi haqida ogohlantirish berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank qarori bilan ikki mikromoliya tashkiloti ro‘yxatga olingani haqida xabar bergan edi.