Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qilgan holda taksichilik bilan shugʻullanishga doimiy ruxsat beriladi. Prezident matbuot xizmatining xabariga koʻra, bu qaror 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimotda e’lon qilindi.
Ma’lum qilishicha, taksi haydovchilari 2022-yildan 2024-yilgacha oʻzini oʻzi band qilgan holda ishlashi mumkin edi. Endilikda tashabbus doimiy asosda amal qiladi.
Taqdimotda shu vaqt ichida mamlakatda taksi haydovchilari soni olti baravar oshib, 457 ming nafarga yetgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, mamlakatda taksi yoʻlovchilarini topish boʻyicha axborot xizmatlari bozori shakllangan.
2025-yilga kelib taksi agregatorlarning umumiy soni 151 taga yetdi. Shuningdek, davlat rahbari agregatorlar ishini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yoʻlovchilar oldidagi majburiyatlarini aniq belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Oʻzini oʻzi band qilgan taksi haydovchisi maqomini olish uchun davlat xizmatlari portali orqali ariza berish kerak. Shuningdek, soliq inspeksiyasida yoki Soliq mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go xizmati joriy yilda qancha soliq toʻlagani haqida xabar bergan edi.