Yangiliklar

Energiya resurslarining narxi odamlarni xavotirga solmoqda

2024-yilning noyabr oyida yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashishidan xavotirlanish 51%ni tashkil etgan bo‘lsa, dekabrga kelib bu ko‘rsatkich 57%ga yetdi
Foto: LeleMezzadri / www.depositphotos.com

Markaziy bank aholi o‘rtasida inflyatsion kutilmalarini tahlil qildi. Bunda 2 774 fuqaro qatnashdi. O‘tgan yilning dekabr oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan tezlashib, 14,4 foizga teng bo‘ldi.

2024-yilning noyabr oyida yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashishidan xavotirlanish 51%ni tashkil etgan bo‘lsa, dekabrga kelib bu ko‘rsatkich 57%ga yetdi.

Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida yoqilg‘i va energiya resurslari, kommunal xizmatlar qimmatlashishi, valyuta kursi o‘zgarishi, transport xarajatlarining oshishi hamda monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan.

Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan oshib, 13,9%ni tashkil etdi. Tadbirkorlar orasida valyuta kursining qimmatlashishi eng xavotirli masala bo‘lib turibdi. Respondentlarning 52 foizi buni kelgusi 12 oy uchun inflyatsiyaning asosiy omili deb hisoblaydi.

Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida valyuta kursidan tashqari kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari narxining oshishi hamda transport xarajatlarining ko‘payishi qayd etildi. Shu bilan birga, ish haqi va nafaqalarning oshishini inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi omil sifatida belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygani kuzatildi.

Toshkent shahrida inflyatsion kutilmalar yuqori foizni tashkil etgan bo‘lsa, Andijon shahrida bu ko‘rsatkich nisbatan past ko‘rsatkichni qayd etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yil noyabr oyida Markaziy Osiyoda iste’molchilar ishonchi: salbiy dinamika va indekslarning o‘zgarishi haqida xabar bergan edi.