Oʻzbekiston va Qozogʻiston Ostona – Samarqand yoʻnalishida poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Ostonada AJ rahbariyatining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda «Yo‘lovchi tashish» (Kazakstan temir yo‘li) va «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida yo‘lovchi tashishni rivojlantirish va ikki davlat sherikligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida turistik poyezdlarning harakatlanishi boʻyicha kelishuv imzolandi va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tuzildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tomonining taklifi bilan Olmaota – Toshkent yoʻnalishidagi 1/2-sonli poyezdning harakatlanish jadvali qayta koʻrib chiqilib, yoʻlovchilar uchun joʻnab ketish va kelish vaqtlari yanada qulay boʻldi.
Ma’lumot uchun, 1/2-sonli Olmaota – Toshkent poyezdi oʻtgan yili 72 mingdan ortiq yoʻlovchilarni tashidi. Mamlakatlar oʻrtasidagi yoʻnalish uzunligi 988 kilometrni tashkil qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Jibek Joli» sayyohlik poyezdi Samarqandni yangi yoʻnalish sifatida qoʻshgani haqida xabar bergan edi.