Paynet Humoni $65 mlnga sotib oladi

«Milliy banklararo protsessing markazi» AJ (Humo) davlat aksiyalar paketi «Paynet» AJga $65 mlnga sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant «Deloitte» xalqaro kompaniyasi tomonidan jamiyatning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati tahlil qilindi. Talabgorlarga axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA) imzolash taklif etildi.
Belgilangan muddatda 3 ta talabgor tomonidan Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) kiritildi. Takliflar orasidan $65 mln miqdoridagi eng yuqori taklif «Paynet» AJ kompaniyasidan keldi.
Ushbu taklif jamiyatni sotish mumkin bo‘lgan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan. «KPMG» xalqaro mustaqil baholovchi tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘ldi.
«Paynet» AJ kompaniyasi «Humo» to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlashga va tizim foydalanuvchilarining ma’lumotlarini himoya qilishga majburiyat oldi.
Xususiylashtirish jarayonining yakuniy natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kaspi.kz kompaniyasi Humo to‘lov tizimini xususiylashtirishda ishtirokini to‘xtatganini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.