2024-yilda ayol taksichilar soni 4 baravarga oshdi – Soliq qoʻmitasi
2024-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda taksi xizmatining qonuniy bozori 5,9 trln soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi ma’lum qildi. Ayol haydovchilar soni yil davomida to‘rt baravar oshib, 4,1 ming nafarni tashkil etdi.
Ma’lum qilinishicha, yoʻlovchilar koʻproq yoʻl haqini naqd pulda toʻlagan – 4,5 trln soʻm, naqd pulsiz toʻlovlar esa 1,4 trln soʻmni tashkil etgan.
Umuman olganda, oʻtgan yili taksi agregatorlar mamlakat budjetiga 156,8 milliard soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, QQSga 66,2 milliard soʻm toʻgʻri keldi.
Oʻrtacha safar cheki 18,4 ming soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilda jami 320 mln marta yoʻlovchi tashish amalga oshirilgan. Shu bilan birga, yoʻlovchilarni tashish boʻyicha eng koʻp foydalanilgan avtomobil Nexia boʻldi. Undan keyin oʻrindan Cobalt va Lacetti joy oldi.
Yil davomida 23,1 mingga yaqin taksi haydovchilari 50 – 100 million so‘m daromad olgan, 114,6 ming haydovchi 10 – 50 million so‘m, 63,5 ming taksist esa 5 – 10 million so‘m daromad topgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qilgan holda taksichilik bilan shugʻullanishga doimiy ruxsat berilishi haqida xabar bergan edi.