Avtofiribgarlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik erkak Turkiyada qo‘lga olindi
Oʻzbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan maxsus operatsiya natijasida 2015-yildan beri avtomobil oldi-sotdi sohasida firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda gumon qilingan oʻzbekistonlik shaxs Istanbulda qoʻlga olindi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 1969-yilda tugʻilgan fuqaro 2025-yil 11-yanvar kuni Bosh konsulxonasi xodimlari ishtirokida Vatanga deportatsiya qilindi. Ushbu shaxsning noqonuniy faoliyati oqibatida jabr koʻrgan fuqarolardan Ichki ishlar vazirligi yoki uning hududiy boʻlimlariga murojaat qilish soʻraladi.
«Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi», – deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Bosh konsulxona firibgarlik holatlari boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlar sonining ortib borayotganini qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada qoʻlga olingani haqida xabar bergan edi.