O‘zbekiston va BAA o‘rtasida 15 ta invistitsion bitimlar imzolandi

eʼlon qilindi
Baa
Bugungi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat yuritmoqda
Foto: Invistitsiyalar,savdo va sanoat vazirligi matbuot xizmati

13-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi arafasida Abu Dabi shahrida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar doirasida bir qator hujjatlar imzolandi. Ushbu tadbirga O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, BAA tomonidan esa Energetika va infratuzilma vaziri Suhail Mohamed Al Mazrui boshchilik qildi. Bu haqda Invistitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi ma’lum qildi.

Imzolangan hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. 2021-yildan buyon ikki tomonlama savdo hajmi har yili 20% dan oshib bormoqda va 2024-yil yakunida $650 mlnga yetdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 114 tasi qo‘shma korxona, 223 tasi esa to‘liq BAA investitsiyasi bilan tashkil etilgan. 2024-yilda O‘zbekistonda BAA tomonidan $1,5 mlrddan ortiq sarmoya o‘zlashtirildi.

Qo‘shma loyihalar an’anaviy va muqobil energiya, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, IT, transport va logistika kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan. Bundan tashqari, «O‘zbekiston – BAA» investitsiya kompaniyasi tashkil etilib, tibbiyot, turizm, qishloq xo‘jaligi va geologiya yo‘nalishida qiymati $192,5 million bo‘lgan 7 ta loyiha amalga oshirildi.

Tadbir davomida 15 ta yangi hujjat imzolandi. Bu hujjatlar energetika, sog‘liqni saqlash, transport, suv ta’minoti va logistika sohalaridagi loyihalarni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilar qatorida «AMEA Power», «Masdar», «M42», «IFFCO Group» kabi yirik kompaniyalar ham bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga joʻnab ketgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek