Yangiliklar

Faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat beriladi

Bu sohani rivojlanishiga oid qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi
Foto: ResolvePay

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasida bir qator muhim yangiliklar ko‘zda tutilmoqda. Xususan, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qilish taklif etilgan. Shuningdek, mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.

Yana bir muhim o‘zgarish sifatida pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalarni garov reyestrida ro‘yxatga olish mexanizmi joriy etilishi belgilangan. Bu esa faktoring operatsiyalarining shaffofligini oshirish va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlariga faktoring xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashgan maxsus tashkilotlarni tashkil qilish imkoniyatini taqdim etadi. Faktoring tashkilotlari nobank kredit tashkilotlari sifatida reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi.

Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun Senat tomonidan ham tasdiqlanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan faktoring O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday yordam berishi haqida xabar bergan edi.