O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun bepul ta’lim platformasi ishga tushirildi
O‘zbekistonda «Kichik biznes akademiyasi» onlayn platformasi ishga tushirildi. ALPHA Academy biznes maktabi tomonidan yaratilgan loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, TBC Bank va Payme bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu haqda tashkilotchilar Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Platforma tadbirkorlarga boshqaruv va biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun bepul kurslarni taqdim etadi. Kurslar kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyaviy hisobot yuritish va internet orqali mijozlarni jalb qilish kabi mavzularni qamrab oladi. Ta’lim dasturlari o‘zbek va rus tillarida mavjud.
Kurslar ALPHA Akademiyasi metodistlari, yetakchi ekspertlar va biznes egalari tomonidan ishlab chiqilgan. Tadbirkorlar kompyuter yoki mobil telefon orqali o‘qishni amalga oshirishlari mumkin. Kirish uchun alpha.uz/business-academy saytida ro‘yxatdan o‘tish kifoya.
Hozirda platformada oltita yozilgan kurs taqdim etilgan. Jumladan, biznesni «kulrang»dan «oq»ga o‘tkazish, restoran rivojlantirish va ijtimoiy tarmoqlarda do‘konni targ‘ib qilish bo‘yicha dasturlar mavjud. Kelgusida yangi kurslarni qo‘shish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Bank Uzbekistan $37 million sarmoya jalb qilgani haqida xabar bergan edi.