Qozog‘istonda xorijliklarga toʻlov kartalarining amal qilish muddati 12 oy etib belgilandi
Qozogʻiston Respublikasi norezidentlari uchun toʻlov kartalarining amal qilish muddati 12 oy etib belgilandi. Bu haqda mamlakat Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi chora-tadbirlar giyohvand moddalar va raqamli aktivlarning noqonuniy aylanishi sohasida bank xizmatlaridan foydalanish xavfini minimallashtirishga qaratilgan.
Jumladan, giyohvand moddalar muomalasi va tranziti, shuningdek, «Ostona» xalqaro moliya markaziga kirmaydigan raqamli aktivlar birjalari foydasiga toʻlovlar va elektron kazinolar hamda internet-kazinolar foydasiga pul oʻtkazmalari kabi operatsiyalarni avtomatik tarzda aniqlash boʻyicha talablar belgilangan.
Bundan tashqari, mijozlar uchun rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan kartalar soni ham kamaytirilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakatda giyohvand moddalar va raqamli aktivlarning noqonuniy aylanishi xavfini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.