Samarqand shahrining chegarasi oʻzgarmoqda

eʼlon qilindi
Samarqand tumanidan 170 gektar, Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkaziladi
Foto: monticello / depositphotos.com

Bugun, 14-yanvar kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Bu qaror shaharni obodonlashtirish, turizm salohiyatini rivojlantirish va investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida qabul qilindi.

Prezident qaroriga asosan, 2023 – 2030-yillarda «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksi barpo etiladi. Shu munosabat bilan Samarqand tumanidan 170 gektar, Oqdaryo tumanidan esa 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga oʻtkaziladi.

Yangi hududda 254 ta koʻp qavatli uy-joy, 19 ta biznes markazi, 50 ta ijtimoiy obyekt, 89 ta savdo-koʻngilochar majmua hamda tarixiy shaharcha qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 112 km yoʻl, 6 km yerusti metro yoʻli, koʻpriklar, tonnellar va boshqa infratuzilmalar barpo etiladi.

Deputatlarning fikricha, kiritilayotgan oʻzgartishlar kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ostona – Samarqand yoʻnalishida poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek